Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning may oyida o‘quvchilar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish, kitobxon millat genafondini yaratish maqsadida Milliy kitobxonlik harakatiga start berilgan edi.
➖ Bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani 91-maktabda “O‘quvchilar o‘rtasida “Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sovrini uchun kitobxonlik tanlovi”ga start berildi.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, mas’ullar va o’quvchi yoshlar qatnashdi.
Ma’lumot uchun: Mazkur tanlov joriy yil avgust oyida Toshkent shahridagi Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 7–10-sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Unda ishtirokchilar ikki yosh toifasi — 7-8-sinf va 9-10-sinf yosh toifasi asosida ikki shart — insho yozish hamda “Men o‘qigan kitob” taqdimoti bo‘yicha o‘zaro bellashadilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, ikkala yosh toifasidan jami 10 nafar (7-8-sinf yosh toifasidan 5 nafar, 9-10-sinf yosh toifasidan 5 nafar) g‘oliblar xorijiy davlatga ta’lim sayohati yo‘llanmalarini qo‘lga kiritishadi.
Shuningdek, ushbu tanlovda ishtirok etgan o‘quvchilar bilan turli loyihalarni amalga oshirish orqali hududlarga bo‘lgan holda Milliy kitobxonlik harakati targ‘ibotchilari klublari faoliyati yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.