Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 21-июль 2026, 22:43
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktabgacha taʼlimning takomillashtirilgan “Ilk qadam” milliy oʻquv dasturi tasdiqlandi


Mazkur muhim dastur bolalarning har tomonlama rivojlanishini taʼminlash, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga joriy etish hamda maktabgacha va boshlangʻich taʼlim oʻrtasidagi uzviylikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

➖  Takomillashtirilgan “Ilk qadam” milliy oʻquv dasturi ilgʻor xalqaro tajribalar, zamonaviy ilmiy yondashuvlar va milliy qadriyatlar uygʻunligida ishlab chiqilgan.

Shu bilan birga, unda bolalarning yosh va individual xususiyatlari, qiziqishlari hamda ehtiyojlari asosida taʼlim muhiti yaratish va jarayonlarni o'yinga asoslangan holda tashkil etishga alohida eʼtibor qaratilgan.

Dasturning asosiy ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

➖ bolaga yoʻnaltirilgan taʼlim yondashuvi;
➖ oʻyin asosida taʼlimni tashkil etish;
➖ izlanish va tadqiqotga asoslangan ta'lim-trabiya;
➖ tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish;
➖ inklyuziv taʼlim tamoyillarini keng joriy etish;
➖ umuminsoniy, milliy, shaxsiy, ekologik va taʼlimiy qadriyatlarni bolalar ongiga singdirish;
➖ sogʻlom turmush tarzi va xavfsiz hayot koʻnikmalarini shakllantirish.

Shuningdek, dastur maktabgacha yoshdagi bolalarning jismoniy, ijtimoiy-hissiy, bilish jarayonlari hamda ijodiy rivojlanishini, nutq, muloqot, oʻqish va yozish koʻnikmalarining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Yana bir muhim jihati, ushbu dastur asosida pedagoglar uchun oʻquv-metodik qoʻllanmalar, bolalar uchun didaktik materiallar va ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiluvchi metodik tavsiyalar ham ishlab chiqilmoqda.

Mazkur dastur maktabgacha taʼlim tashkilotlarida taʼlim-tarbiya jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, bolalarda XXI asr kompetensiyalarini shakllantirish hamda ularni maktab taʼlimiga puxta tayyorlash uchun mustahkam metodik asos boʻlib xizmat qiladi.