Qadrli yurtdoshlar!
Siz, azizlarni, butun xalqimizni, xorijdagi vatandoshlarimiz va oʻzbek tilining barcha doʻstlarini 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan ona tilimiz olis ajdodlarimizdan bizga buyuk meros boʻlib kelayotgan oʻz tilimizdir.
Biz “Oʻz” degan ezgu gʻoyani tilga munosabatimizda ham ana shunday tushunamiz va joriy etamiz. Ayni shu gʻoya oʻzak tomirlarimizdan oziqlanib kelgan ona tilimizga dunyo bilan erkin muloqot qilish, zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda yangi kuch-quvvat beradi deb ishonamiz.
Albatta, inson aynan til orqali oʻzini anglaydi, oilasi va el-yurtiga mehr tuygʻusini ifoda etadi. Xalqning xotirasi, bilim va tajribasi, orzu-umidlari ham tilda mujassam boʻladi. Davlat tilining qadri va ahamiyati haqida gapirganda, biz, avvalo, ana shu jihatlarni yetakchi oʻringa qoʻyamiz.
Bizning buyuk ajdodlarimiz aynan ona tilimiz boyliklaridan ilhom olib, ilm va adabiyot olamida durdona asarlar yaratganlar, inson qalbi va jamiyat hayoti haqida teran fikrlar yozib qoldirganlar. Ana shu anʼanalarni davom ettirgan holda, oʻz tilimizning imkoniyatlarini yangi ilm, texnologiya va ijod namunalari bilan boyitish – bizning masʼuliyatli vazifamizdir.
Oʻzbekiston – turli millat va elat vakillari yagona oila boʻlib, birgalikda yangi hayot va kelajak barpo etayotgan umumiy Vatanimizdir.
Oʻz tilimiz davlat tili sifatida fuqarolarimizning muloqot tiliga aylanib, ularning jamiyat hayotida faol ishtirok etishlariga xizmat qilayotgani barchamizni albatta quvontiradi.
Ayni paytda har bir insonning ona tili va madaniy qadriyatlariga hurmat va eʼtibor – jamiyatdagi doʻstlik va hamjihatlikning muhim asosi ekanini ham biz yaxshi tushunamiz. Shu bois yurtimizda qoraqalpoq tili va boshqa tillarning rivojini qoʻllab-quvvatlash, oʻzbek tilini oʻrganish uchun qulay sharoitlar yaratish borasidagi ishlar oʻzaro uygʻun va bir-birini toʻldiradigan holda olib borilmoqda.
Davlat tilini bilish, hech shubhasiz, insonga yangi bilim va imkoniyatlar eshigini ochadi, ularda umumiy hayotimiz, istiqbolimiz uchun daxldorlik hissini kuchaytiradi. Bu borada oʻzbek tilini endigina oʻrgana boshlagan insonga samimiy munosabatda boʻlish, uning intilishini qoʻllab-quvvatlash ayniqsa muhimdir.
Biz yoshlarimizning oʻzbek tilida teran fikrlashi, chet tillarini puxta egallashi va jahondagi ijobiy oʻzgarishlarga hamnafas boʻlishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratishimiz zarur. Bu borada tarjima sanʼati ham alohida oʻrin tutadi. Biz tarjima orqali insoniyatning tafakkur xazinasidan eng yaxshi asarlarni oʻz tilimizga olib kiramiz, davlat tilidagi gʻoya va asarlarni esa boshqa xalqlarga yetkazamiz.
Ayniqsa, Oksford universitetidagi “O‘zbekshunoslik dasturi” kabi hamkorlik yoʻnalishlari tarjima asosidagi ana shunday muloqotning namunasi boʻlib xizmat qilishi mumkin. Chet ellardagi oʻzbek tili oʻqituvchilari, tadqiqotchi va talabalarning qiziqishini ragʻbatlantirish, ularni sifatli adabiyotlar, taʼlim resurslari bilan taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratishimiz lozim.
Muhtaram vatandoshlar!
Tilning hayotimizdagi oʻrni, avvalo, undan qanchalik samarali foydalanish darajasi bilan bogʻliq. Bola oʻz fikrini ravon bayon eta olsa, talaba murakkab mavzuni tushungan holda oʻrgansa, fuqaro rasmiy hujjat mazmunini osongina anglasa – til taraqqiyotining natijasi aynan shunda koʻrinadi.
Shuning uchun taʼlim sohasida asosiy eʼtiborni oʻquvchining oʻqish, tushunish, gapirish va savodli yozish koʻnikmalariga qaratishimiz kerak. Oʻzbek tilini ona tili sifatida oʻrganayotgan bola bilan uni davlat tili sifatida egallayotgan oʻquvchining ehtiyojlari oʻrtasida albatta farq bor. Darslik va oʻqitish usullarini yangilashda bu albatta hisobga olinishi lozim.
Hayot tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, muallimlarning malakasi, bolalar adabiyoti, kutubxonalar va zamonaviy taʼlim vositalari tilga boʻlgan mehrni mustahkamlaydi. Oiladagi samimiy suhbat, birgalikda kitob oʻqish va bolaning savollariga eʼtibor ham shu jarayonning muhim qismi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda kitobxonlikni umummilliy harakatga aylantirib, bu jarayonga katta eʼtibor berayotganimiz zamirida ham tilimiz rivoji haqidagi eʼtibor mavjud desak, toʻgʻri boʻladi.
Davlat idoralari bu borada namuna boʻlishi shart. Qonun, qaror, yoʻriqnoma va murojaatlarga javoblar ravon, aniq va tushunarli tilda yozilishi kerak. Fuqaro oʻzining haq-huquqi yoki majburiyatini anglash uchun ortiqcha qiyinchilikka duch kelmasligi lozim. Davlat tiliga hurmat davlat xizmatining sifatida ham koʻrinishi kerak.
Oldimizdagi muhim vazifalardan yana biri – oʻzbek tilida zamonaviy ilmiy manbalardan foydalanish va yangi tadqiqot natijalarini bayon etish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Tibbiyot, muhandislik, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ishonchli adabiyotlar, sifatli tarjima matnlari hamda elektron resurslarga ehtiyoj katta.
Bu borada hurmatli olimlarimiz, tilshunos, tarjimon va mutaxassislarning hamkorligi zarur. Atamalarni tanlashda maʼno aniqligi, ularning tushunarli va xalqaro ilmiy muloqot bilan bogʻliq boʻlishiga eʼtibor qaratishimiz kerak. Lugʻatlarimiz ham tilning jonli taraqqiyoti va yangi bilimlarni izchil aks ettirib borishi lozim.
Yana bir dolzarb vazifa – oʻzbek tilidan bugungi raqamli muhitda ham toʻlaqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishimiz zarur. Buning uchun sifatli matnlar va nutq namunalarini jamlash, elektron lugʻatlar, tarjima va tahrir vositalarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega.
Nutqni matnga, matnni ovozga aylantiradigan texnologiyalar taʼlimda, mehnat jarayonida va kundalik hayotda odamlarga qulaylik yaratishi kerak. Bunday resurslarni tayyorlashda mualliflik huquqi va shaxsiy maʼlumotlar himoyasiga oid qoidalarga amal qilinishi lozim.
Biz barpo etayotgan inklyuziv jamiyat talablaridan kelib chiqqan holda, ulardan nogironligi boʻlgan insonlar ham foydalana olishiga alohida eʼtibor qaratishimiz zarur.
Sunʼiy intellekt vositalarining davlat tilidagi sifati ularning insonga qanchalik aniq va foydali yordam berayotgani bilan baholanadi.
Yozuv va imlo masalalarida ham asosiy mezon odamlarning oʻqishi, yozishi va axborotdan foydalanishi uchun qulaylik boʻlishi kerak. Bu boradagi yechimlar ilmiy asos, jamoatchilik bilan muloqot va amaliy tayyorgarlikka tayanishi lozim. Taʼlim, nashriyotlar va raqamli tizimlarning oʻzaro muvofiqligi, turli avlodlarning ehtiyojlari puxta hisobga olinishi zarur.
Fursatdan foydalanib, oʻz tilimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan olim va tadqiqotchilarga, muallim va tarjimonlarga, adib va jurnalistlarga, noshirlar va axborot texnologiyalari mutaxassislariga samimiy minnatdorlik bildiraman. Oʻzbek tilini mehr bilan oʻrganayotgan yurtdoshlarimiz va xorijlik doʻstlarimizga ham alohida tashakkur aytaman.
Ona tilimizni sevib, ardoqlab, uning shuhratini oshirishga, dunyo bilan muloqotini kengaytirishga har birimiz munosib hissa qoʻshaylik!
Siz, aziz vatandoshlarimni yana bir bor tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik, yutuq va omadlar tilayman.
Oʻzbek tili bayrami barchamizga muborak boʻlsin!
Shavkat Mirziyoyev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti